Oziq-ovqat xavfsizligi – inson hayotining ajralmas qismi, davlat siyosati va jamiyat farovonligining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir. Toshkent viloyati Qibray tumanida yaqinda sodir bo‘lgan hodisa – qariyb 2000 nafar fuqaroning ommaviy zaharlanishi – bu sohadagi muammolarning qanchalik jiddiy ekanini yana bir bor ko‘rsatib berdi. XXI asrda, mavjud imkoniyatlar, texnologiyalar va me’yoriy talablar sharoitida bunday voqealarning ro‘y berishi insonni chuqur o‘ylantiradi.
Mazkur holat bizdan yangicha yondashuvni talab etmoqda. Yagona va sifatli katering tizimini joriy etish – oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning eng samarali yo‘llaridan biridir. Katering nafaqat ta’lim muassasalari va bolalar bog‘chalarida, balki ishlab chiqarish korxonalari, sog‘liqni saqlash muassasalari, katta ijtimoiy tadbirlar uchun ham muhim xizmat ko‘rsatadi.
1. Davlat uchun – Markazlashgan katering tizimi oziq-ovqat sifatini nazorat qilish imkonini beradi. Yagona standartlar, laboratoriya tekshiruvlari va sanitariya-gigiyena qoidalarining qat’iy bajarilishi orqali sog‘lom ovqatlanish siyosatini amalga oshirish mumkin. Bu esa jamiyat salomatligini saqlash bilan birga, davlatning ijtimoiy mas’uliyatini ham yuksaltiradi.
2. Soliq qo‘mitasi va moliya tizimi uchun – Katering xizmatlari shaffof hisob-kitob, aniq moliyaviy boshqaruv va ortiqcha xarajatlarning oldini olishni ta’minlaydi. Bu tizim korrupsiya va norasmiy savdo zanjirlarini qisqartirib, davlat byudjetiga barqaror soliq tushumlari keltiradi.
3. Qishloq xo‘jaligi vazirligi uchun – Katering tizimi mahalliy fermer va ishlab chiqaruvchilarga yangi imkoniyatlar yaratadi. Mahsulotlarni barqaror sotish bozori shakllanadi, ichki iste’molning kengayishi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga rag‘bat beradi. Natijada qishloqda bandlik oshadi, oziq-ovqat mahsulotlari zanjiri qisqaradi va sifat kafolatlanadi.
4. O‘quvchilar va bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari uchun – Bolalarning kunlik ovqatlanishi ilmiy asoslangan menyu orqali yo‘lga qo‘yiladi. Sifatli va mutanosib ovqat bolalarning sog‘lom rivojlanishi, bilim olish qobiliyati va immunitetini mustahkamlaydi.
5. Ota-onalar uchun – Katering tizimi ota-onalarga farzandlarining ovqatlanishi ustidan xotirjamlik beradi. Ular bolalarining qanday ovqatlanayotgani, ovqat qayerdan va qanday sharoitda tayyorlanayotganidan xabardor bo‘lishadi. Bu esa ishonch va ijtimoiy barqarorlikni oshiradi.
Qibray tumanidagi 2000 ga yaqin aholining zaharlanishi – bu faqatgina alohida hudud yoki vaziyat emas, balki butun tizimda mavjud muammolarning achchiq saboqlaridan biridir. Endi zamonaviy, markazlashgan va shaffof katering tizimini joriy etish orqali bunday fojealarning oldini olishimiz shart.
Sog‘lom avlod – sog‘lom jamiyatning asosi. Har bir bola, har bir fuqaro toza, xavfsiz va sifatli ovqat iste’mol qilish huquqiga ega. Davlat, jamiyat va ota-onalar hamkorligida tashkil etiladigan samarali katering tizimi kelajak avlodimizni sog‘lom va baxtli hayot sari yetaklaydi.
Dr. Avazbek ABDULKHAEV